Samarqand viloyati
Maktabgacha ta'lim boshqarmasi
w w w . s a m u d o . u z

Boshqarma nizomi

Samarqand viloyati maktabgacha ta'lim boshqarmasi to‘g‘risida
Nizom

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 sentyabrdagi “Maktabgacha ta'lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5198-son Farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3305-son Qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, Samarqand viloyati maktabgacha ta'lim boshqarmasining (keyingi o‘rinlarda boshqarma deb yuritiladi) huquqiy maqomini, asosiy vazifalari va funksiyalarini, huquq hamda majburiyatlarini, shuningdek faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.

2. Boshqarma O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligining tuzilmaviy bo‘linmasi hisoblanib, Samarqand viloyati bo‘yicha maktabgacha ta'lim tizimini takomillashtirish va yanada rivojlantirish ishlarini tashkil etish va yuritish bo‘yicha boshqaruv organi hisoblanadi.

3. Boshqarma O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligiga bo‘ysunadi va hisobot beradi.

4. Boshqarma o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Maktabgacha ta'lim vazirligining buyruq va ichki me'yoriy hujjatlariga, Maktabgacha ta'lim vazirligi hay'ati bayonnomasi qarorlari, ushbu Nizomga, shuningdek boshqa qonun hujjatlariga asoslanib amalga oshiradi.

5. Boshqarma o‘z faoliyatini davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, shuningdek, qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda Maktabgacha ta'lim vazirligi bilan kelishgan holda xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamda boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.

6. Boshqarma tuman, shahar maktabgacha ta'lim bo‘limlari hamda tasarrufidagi barcha maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyati ustidan umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, bolalar ta'lim-tarbiyasining sifati, maktabgacha ta'limga qo‘yiladigan davlat talablari va maktabgacha ta'lim dasturlarini o‘zlashtirish ehtiyojlarini rivojlantirish uchun mas'ul hisoblanadi.

7 .Boshqarma yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasining davlat gerbi tasviri va o‘z nomi tushirilgan muhr va blanklarga, mustaqil balansiga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi g‘aznachiligining hududiy bo‘linmalarida shaxsiy g‘azna hisob varag‘iga ega bo‘ladi.

8. Boshqarmaning yuridik manzili (pochta manzili): Samarqand viloyati, Samarqand shahri, Amir Umarxon ko‘chasi, 23-uy, indeks:170100. 

2-bob. Boshqarmaning vazifalari va funksiyalari 

9. Boshqarmaning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:

  • vakolatidan kelib chiqib, Samarqand viloyati hududida maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
  • maktabgacha ta'lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish orqali ular orasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, maktabgacha ta'lim-tarbiyaning muqobil shakllarini tashkil etish hisobiga barcha bolalarning maktabgacha ta'lim muassasalariga bosqichma-bosqich qamrab olinishini ta'minlash;
  • ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • maktabgacha ta'lim muassasalarida zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, ta'lim va tarbiyaning samarali shakllari hamda usullarini ta'lim-tarbiya jarayoniga joriy etish;
  • maktabgacha ta'lim muassasalari pedagog va tarbiyalanuvchilarini milliy madaniy-tarixiy qadriyatlarni aks ettiruvchi va bolalikdan kitob o‘qishga qiziqishni uyg‘otuvchi o‘quv-metodik, didaktik materiallar, o‘yin va o‘yinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan ta'minlash;
  • boshqarma tizimi faoliyatiga oid gazeta va jurnallar chiqarilishini, tegishli ruxsatnomalar, blankalar, sohaga tegishli o‘quv-metodik majmualar, byulleten va o‘quv qo‘llanmalar chop etilishini hamda veb-sayt yuritilishini Maktabgacha ta'lim vazirligi bilan kelishgan holda tashkil etish;
  • maktabgacha ta'lim muassasalarini kasbiy jihatdan puxta tayyorlangan tajribali, zamonaviy pedagogik texnologiyalar va metodlarni hisobga olgan holda bolalarni tarbiyalash va har tomonlama rivojlantirish masalalarini professional darajada hal etishga qodir bo‘lgan malakali kadrlar bilan ta'minlash;
  • pedagog xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayonini samarali tashkil etish, bunda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalaridan, ilg‘or xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasidan foydalanish;
  • maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining ratsional va belgilangan me'yorlar asosida sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanishini ta'minlash uchun zarur sharoitlar yaratish;
  • maktabgacha ta'lim muassasalarida ko‘ngilochar va bilim beruvchi mashg‘ulotlar elementlari bo‘lgan, hajmlari va intensivligi asosiy tibbiy taqdimnomalar bilan belgilanuvchi serharakat o‘yinlar va mashqlar uyushtirilishini tashkillashtirish;
  • hududiy sog‘liqni saqlash organlari bilan birgalikda maktabgacha ta'lim muassasalarida bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda ularning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
  • maktabgacha ta'lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyati samaradorligini oshirish;
  • mazmun va sifat jihatidan zamonaviy talablarga javob beradigan, ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda, o‘quv
    va o‘quv-metodik adabiyotlarning yangi avlodlari yaratilishi va nashr etilishini tashkil etish;
  • maktabgacha ta'lim muassasalarida davlat talablarining bajarilishi ustidan tizimli ravishda monitoring yuritish.

10. Boshqarma o‘ziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

  • maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish, tuman, shahar maktabgacha ta'lim bo‘limlari, maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga metodik rahbarlik qilish orqali har jihatdan samarali zamonaviy boshqaruvni tashkil etish;
  • boshqarma tizimiga kiruvchi hududdagi barcha maktabgacha ta'lim muassasalarini kelgusida rejalashtiriladigan ishlarini prognozlashtirish, ular bilan birgalikda sohani rivojlantirishning mahalliy kompleks dasturlarini ishlab chiqish;
  • boshqarma tizimidagi tuman, shahar maktabgacha ta'lim bo‘limlari hamda maktabgacha ta'lim muassasalariga kiruvchi tashkilotlarda buxgalteriya hisobi
    va hisoboti yuritilishini hamda mol-mulk saqlanishini, hisobga olinishini
    va hisobdan chiqarilishini ta'minlash, yetkazilgan moddiy zararni undirish choralarini ko‘rish;
  • boshqarma tizimiga kiruvchi tashkilotlarning buxgalteriya hisobotlarini, balanslarini ko‘rib chiqish, umumlashtirish, yig‘ma balanslar tuzish va ularni tegishli organlarga taqdim etish;
  • maktabgacha ta'lim muassasalari bino va inshootlaridan foydalanishni muvofiqlashtirish va monitoring qilish;
  • boshqarma maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan yagona davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, ularni ro‘yobga chiqarish mexanizmlari bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim vazirligiga kiritish;
  • maktabgacha ta'lim tizimida tarbiyalanuvchilarning bilimi va
    ma'naviy-axloqiy darajasini yanada yuksaltirish maqsadida ushbu yo‘nalishda jamoatchilik va ota-onalar fikrini o‘rganishni tashkil qilish;
  • maktabgacha ta'limning afzalliklari va muhimligini jamoatchilikka xususan keng aholi qatlamiga yetkazishda targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etish;
  • fuqarolarni qabul qilishni tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi hamda hal etilishini ta'minlash;
  • tuman, shahar maktabgacha ta'lim bo‘limlari, maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini ahvolini qiyosiy tahlil qilish, ularni rivojlantirish tendensiyalarini belgilash;
  • maktabgacha ta'lim tizimiga oid ishlab chiqilgan va tasdiqlangan normativ-huquqiy hujjatlarni amaliyotga tatbiq etish, ijrosi yuzasidan idoraviy nazoratni amalga oshirish;
  • boshqarma tizimiga kiruvchi maktabgacha ta'lim muassasalari tomonidan maktabgacha ta'limga qo‘yiladigan davlat talablari hamda pedagoglarga qo‘yilgan malaka talablarining bajarilishini nazorat qilish;
  • maktabgacha yoshdan boshlab bolalar ongiga milliy madaniy-tarixiy qadriyatlar, an'analar va urf-odatlarni singdirishda ma'naviy-ahloqiy ishlarni olib borilishini muvofiqlashtirish;
  • maktabgacha ta'lim muassasalarida tarbiyalanuvchilarning intellektual, huquqiy, estetik, ekologik, jismoniy tomondan ta'lim-tarbiyasini rivojlantirish bo‘yicha ular o‘rtasida ijodiy ishlar, ko‘rgazmalar, ko‘rik-tanlov va musobaqalar tashkil etish;
  • bolalarning qiziqish va intilishini hisobga olgan holda iqtidorli tarbiyalanuvchilarni aniqlash va ularning iqtidorini rivojlantirish bo‘yicha  psixologik-pedagogik va tashkiliy shart-sharoitlar yaratilishini nazorat qilish;
  • maktabgacha ta'lim muassasalari bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta'mirlash va kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi bilan bog‘liq ishlarni muvofiqlashtirish, ularning joriy holati to‘g‘risidagi ma'lumotlarni tahlil qilish, investitsiya dasturi doirasida maktabgacha ta'lim muassasalari obyektlarida amalga oshirilayotgan qurilish-ta'mirlash ishlari ustidan monitoring olib borish;
  • maktabgacha ta'lim muassasalarini jihozlash (qayta jihozlash) bo‘yicha har yilgi dasturlar ishlab chiqilishida qayta jihozlanayotgan ta'lim muassasalarining jihozlarga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash va o‘rnatilgan tartibda takliflar kiritish;
  • boshqarma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajarishi mumkin. 

3-bob. Boshqarmaning huquqlari va majburiyatlari 

11. Boshqarma o‘ziga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:

  • tuman, shahar maktabgacha ta'lim bo‘limlari, maktabgacha ta'lim muassasalaridan ularning vakolatlariga kiruvchi masalalar bo‘yicha hujjatlar, statistik ma'lumotlar, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa axborotlarni olish;
  • boshqarmaga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq hujjatlarni belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim vazirligiga kiritish;
  • maktabgacha ta'lim tizimiga oid masalalarni hal etish, ta'lim muassasalari faoliyati ishlarini takomillashtirish, ularning o‘quv-metodik va moddiy bazasini mustahkamlash, yuqori kasbiy darajaga ega bo‘lgan malakali pedagog kadrlar bilan ta'minlash yuzasidan takliflarni O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim vazirligiga kiritish;
  • maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirishda o‘zining samarali hissasini qo‘shgan pedagoglar va rahbar kadrlarni rag‘batlantirish va mukofotlashga tavsiya etish;
  • o‘z vakolati doirasidagi kiradigan masalalar bo‘yicha metodik materiallar
    va tavsiyalar ishlab chiqish;
  • boshqarma vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha tizimdagi tashkilotlar va maktabgacha ta'lim muassasalari hisobotlarini eshitish va muhokama qilish;
  • maktabgacha ta'lim muassasalari tomonidan ta'lim to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bajarilishini belgilangan tartibda nazorat qilish huquqlariga egadir.

Boshqarma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

12. Boshqarma quyidagilarga majbur:

  • amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarini, Maktabgacha ta'lim vazirligi vazirligi hay'ati bayonnomasi qarorlarini, me'yoriy hujjatlarini o‘z vaqtida, qat'iy va samarali bajarishga;
  • o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob berishga;
  • o‘z faoliyati to‘g‘risida ochiq axborotlar bilan tanishish erkinligini ta'minlash;
  • qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli davlat organlariga o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobotlar taqdim etish.

Boshqarmaga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.

4-bob. Boshqarma faoliyatini tashkil etish

13. Boshqarmaga Samarqand viloyat hokimining tavsiyasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan boshqarma boshlig‘i rahbarlik qiladi. Boshqarma boshlig‘i tavsiyasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari faoliyat ko‘rsatadi.

14. Boshqarma boshlig‘i:

  • boshqarma faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi hamda boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan mas'ul hisoblanadi;
  • Samarqand viloyati hududi bo‘yicha maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish, maktabgacha ta'limni har tomonlama rivojlantirish hamda boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini nazorat qiladi;
  • boshqarma mas'ul shaxslarining vakolatlarini belgilash, ular o‘rtasida vazifalarni taqsimlash, boshqarma tizimidagi boshqa mansabdor shaxslarning vakolatlarini, idoraviy mansub tashkilotlar va muassasalar ishlari uchun javobgarlik darajasini belgilaydi;
  • boshqarma mas'ul shaxslarining vakolatlarini, boshqarma tasarrufidagi ta'lim muassasalari faoliyatlari yo‘nalishlari bo‘yicha javobgarlik darajasini belgilaydi;
  • qabul qilingan qarorlar, buyruqlari ijrosi ta'minlanishi ustidan umumiy nazoratni amalga oshiradi;
  • o‘z vakolatlari doirasida buyruqlar chiqaradi, ularning ijro etilishini tashkil etadi va nazorat qiladi;
  • boshqarma vakolatidagi kadrlar va boshqa muassasalar rahbarlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
  • boshqarma tasarrufidagi ta'lim muassasalari xodimlarini belgilangan kadrlar nomenklaturasiga muvofiq lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi;
  • boshqarma boshlig‘i o‘z vakolati doirasida amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.

5-bob. Boshqarmani moliyalashtirish va xodimlarini moddiy rag‘batlantirish

15. Boshqarma moddiy-texnik ta'minoti va xodimlari mehnatiga haq to‘lash O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida ta'qiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi

16. Boshqarma faoliyati davomida xodimlarni moddiy va ma'naviy rag‘batlantirish hamda ijtimoiy muhofaza qilishni amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.

17. Boshqarma xodimlarining ish haqi amaldagi qonun hujjatlariga, shtatlar jadvaliga asosan xarajatlar smetasida nazarda tutilgan lavozim maoshi, mukofotlar, qo‘shimcha haq va ustamalar, rag‘batlantirish to‘lovlari, shuningdek moddiy rag‘batlantirish va moddiy yordam to‘lovlaridan iborat bo‘ladi.

6-bob. Yakunlovchi qoida

 18. Boshqarmani qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.


Дата добавления: 26/03/2018 13:14;   Просмотров: 2650
 
Материал манзили: http://samudo.uz/oz/about/boshqarma-nizomi
Чоп этилган вақт: 03/06/2020 21:41
Для чтения текста нажмите эту кнопку