Samarqand viloyati
Maktabgacha ta'lim boshqarmasi
w w w . s a m u d o . u z

MAKTABGACHA TA'LIM TIZIMIDA TA'LIM-TARBIYA SIFATI OSHADI

Mamlakatimizda milliy genofondni mustahkamlash, yosh avlodni yetuk kadrlar etib tarbiyalash masalalariga doimiy e'tibor qaratib kelinmoqda. 

Maktabgacha ta'lim tizimini tarkibiy jihatdan tubdan isloh qilish, mazkur muassasalarga bolalarni to‘la qamrab olish bo‘yicha muhim vazifalar qo‘yilgan.
Shu maqsadda viloyat Maktabgacha ta'lim boshqarmasi boshlig‘i Sh.Rahmonov Samarqand tumanida bo‘ldi. Maktabgacha ta'lim muassasalari davlat va nodavlat tarmog‘ini kengaytirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta'minlash, maktabgacha ta'lim muassasalariga bolalarni qamrab olishni keskin oshirish, ta'lim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta'lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish masalalariga alohida e'tibor qaratdi.
Tumandagi 12-son bolalar musiqa va san'at maktabida o‘tkazilgan yig‘ilishda tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi rahbar va xodimlari, bo‘lim tasarrufidagi davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti direktorlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda bolalarni har tomonlama intellektual, ma'naviy-estetik, jismoniy rivojlantirish hamda ularni maktabga tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash vazifalari muhokama etildi. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Ta'kidlandiki, maktabgacha ta'lim tizimi uzluksiz ta'limning birlamchi, eng asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Mutaxassis va pedagoglarning ilmiy xulosalariga ko‘ra, inson o‘z umri davomida oladigan barcha axborot va ma'lumotning 70 foizini 5 yoshgacha bo‘lgan davrda oladi. Ana shu dalilning o‘zi bolalarimizning yetuk va barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishida bog‘cha tarbiyasi qanchalik katta ahamiyatga ega ekanini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Bunga qo‘shimcha isbot qidirib uzoqqa borishning hojati yo‘q. Bog‘cha tarbiyasini olgan bola bilan bog‘chaga bormagan bolani solishtirganda, ularning fikrlash darajasi o‘rtasida yer bilan osmoncha farq borligini sezish qiyin emas.

Yig‘ilishda shuningdek, ayrim kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish yuzasidan topshiriqlar berildi. Bildirilgan taklif, fikr-mulohazalar kelgusida hayotga tatbiq etilishi qayd qilindi.


Kiritilgan vaqti: 16/02/2021 09:11;   Ko‘rilganligi: 174
 
Material manzili: https://samudo.uz/oz/press/events/maktabgacha-talim-tizimida-talim-tarbiya-sifati-oshadi
Chop etilgan vaqti: 25/10/2021 15:13
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing