Samarqand viloyati
Maktabgacha ta'lim boshqarmasi
w w w . s a m u d o . u z

Davlat xizmatlari agentligi boshqa organlar xodimlariga jarima solish huquqiga ega bo‘ldi

23.07.2018 yildagi O‘RQ–486-son Qonun bilan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritildi. 
 
241-9-modda (davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini buzish) o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan MJTKning boshqa bobiga ko‘chirildi. Agar ilgari u XVI-1-bobida (Tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, qonunga xilof ravishda aralashganlik hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiladigan boshqa huquqbuzarliklar uchun ma'muriy javobgarlik) bo‘lgan bo‘lsa, endi – XVI bobida(Boshqaruvning belgilangan tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar uchun ma'muriy javobgarlik).

Moddaning tartib raqami 215-5 etib o‘zgartirildi.
 
Bu esa, Davlat xizmatlari agentligi va tegishli markazlar endi nafaqat tadbirkorlik subyektlarining, balki barcha fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab faoliyat yuritayotganlari bilan bog‘liq. Bundan tashqari, davlat xizmatlariga munosabat o‘zgardi. Ular «xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak» tezisi kontekstida mamlakatni boshqarish tizimining ajralmas qismi deb tan olina boshladi.
 
Moddaga mazmun jihatidan aniqlik kiritilgan. Endi unda davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonun hujjatlarini buzish deb tan olinadigan qilmishlarning cheklangan ro‘yxati keltirilgan:
 
• arz qiluvchidan murojaatni qabul qilishni rad etganlik, davlat xizmatlari ko‘rsatish chog‘ida murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibini va muddatlarini buzganlik – davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidan tashqari sodir etilgan shunga o‘xshash xatti-harakatlar MJTKning 43-moddasiga (jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) ko‘ra jazolanadi. Davlat xizmatlari sohasini boshqa davlat boshqaruvi masalalaridan chegaralash uchun Davlat xizmatlari yagona reestridan (1.06.2018 yilda 3021-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) foydalanish mumkin. Mohiyatan olganda, reestrda ko‘rsatilmagan jarayonlar davlat xizmatlari sohasiga kirmaydi;
 
• arz qiluvchidan qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilib olganlik – talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxati qonun hujjatlarida ko‘rsatiladi. Masalan, davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamentlarida;
 
• davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi vakolatli davlat organining qonuniy talabini (topshirig‘ini) bajarmaganlik – Davlat xizmatlari agentligi ana shunday organ hisoblanadi (Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi to‘g‘risidagi nizomga qarang).
 
Bunda ana shunday ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish ma'muriy sudlardan Agentlikka o‘tkazilgan. Organ nomidan qarorlarni:
 
• Agentlik direktori va uning o‘rinbosarlari;
• Agentlik hududiy boshqarmalarining boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari qabul qiladi.
 
Shu munosabat bilan mansabdor shaxslar va xizmatchilarga solinadigan jarimalar kamaytirildi. Endi ular quyidagi miqdorni tashkil etadi:
 
• birinchi marta sodir etganda – EKIHning 3 baravaridan 5 baravarigacha (ilgari – EKIHning 10 baravaridan 20 baravarigacha);
• ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa – EKIHning 5 baravaridan 10 baravarigacha (ilgari – EKIHning 20 baravaridan 30 baravarigacha).
 
Hujjat 24.07.2018 yildan kuchga kirdi.


Kiritilgan vaqti: 26/07/2018 19:18;   Ko‘rilganligi: 1427
 
Material manzili: https://samudo.uz/oz/press/news/davlat-xizmatlari-agentligi-boshqa-organlar-xodimlariga-jarima-solish-huquqiga-ega-boldi
Chop etilgan vaqti: 26/10/2021 11:06
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing