Samarqand viloyati
Maktabgacha ta'lim boshqarmasi
w w w . s a m u d o . u z

2018 yilda O‘zbekistonning 367 MTMda qurish, rekonstruksiya va mukammal ta'mirlashga doir ishlar amalga oshiriladi

#kun.uz//

Maktabgacha ta'lim tizimini tubdan isloh qilish va takomillashtirish, maktabgacha ta'lim muassasalarini davlat tomonidan boshqarishning samarali tizimini yaratish hamda uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida so‘nggi yilda qabul qilingan qat'iy chora-tadbirlar natijasida Maktabgacha ta'lim vazirligi va uning joylardagi hududiy bo‘linmalari tashkil qilindi.

Foto: xs.uz

O‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, maktabgacha ta'lim muassasalarini qurish-ta'mirlash ishlarini tashkil etish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, hududlarni obodonlashtirish, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishini ta'minlash borasidagi vakolatli davlat organlarining faoliyati ayniqsa joylarda hamon past darajada qolmoqda.

Shuningdek, davlat maktabgacha ta'lim muassasalari infratuzilmasi va moddiy-texnika bazasining holati zamon talablariga to‘liq darajada mos kelmaydi va mamlakat aholisining o‘sib borishini e'tiborga olganda bolalarning maktabgacha ta'lim bilan zarur darajada qamrab olinishini ta'minlash imkonini bermaydi.

So‘nggi 20 yil davomida davlat tasarrufidagi maktabgacha ta'lim muassasalari soni 45 foizga kamaygan. Buning oqibatida maktabgacha yoshdagi 2 523 000 boladan 830 000 nafari yoki 33 foizi maktabgacha ta'lim muassasalariga qamrab olingan, xolos.

Jumladan, bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi Surxondaryoda - 13 foizni, Jizzaxda - 23,2 foizni, Qashqadaryoda - 23,3 foizni, Samarqandda 24,7 foizni tashkil etib, respublika ko‘rsatkichidan ham past.

Vaholanki, rivojlangan mamlakatlarda bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasi Daniyada - 99 foiz, Yaponiyada - 97 foiz, Janubiy Koreyada - 95 foiz, Rossiyada - 78 foizni tashkil etadi.

2017 – 2021 yillarda Maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha dastur tasdiqlandi, uning doirasida maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini tizimli tashkillashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash borasidagi ishlar boshlab yuborildi.

2017 yilda davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 302 ta maktabgacha ta'lim obyektida 245 milliard so‘mlik qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirildi (2 ta yangi qurilish, 105 ta rekonstruksiya, 195 ta kapital ta'mirlash).

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 fevraldagi “2018 yilga mo‘ljallangan investitsiya va infratuzilma loyihalarini tasdiqlash to‘g‘risida” 3507-sonli Prezident qarori asosida “2018 yilda maktabgacha ta'lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash bo‘yicha manzilli dasturi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Qaror loyihasida 2018 yilda jami 367 ta davlat maktabgacha ta'lim muassasasini (40 ta yangi qurilish; 298 ta rekonstruksiya; 29 ta mukammal ta'mirlash) qurish, rekonstruksiya va mukammal ta'mirlashga oid vazifalar belgilandi.

O‘tgan 2017 yilga nisbatan solishtirilganda davlat dasturi doirasida qurilish-ta'mirlash ishlari olib boriladigan maktabgacha ta'lim muassasalarining umumiy soni 65 taga ko‘proqligini, misol uchun: yangi qurilish 38 taga, rekonstruksiya 193 taga ortiqroq ekanligini ko‘rish mumkin.

Ushbu maktabgacha ta'lim muassasalarini qurish-ta'mirlash ishlariga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida byudjetdan tashqari Ta'lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasining mablag‘lari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘laridan 1 trl. 253 mlrd. 996 mln. so‘m. mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Shundan:

  • namunaviy loyihalar asosida 40 tayangi obyekt qurish uchun 402 mlrd. 188 mln. so‘m;
  • 298 taobyektni rekonstruksiya qilish uchun 783 mlrd. 811 mln. so‘m;
  • 29 taobyektni kapital ta'mirlash uchun 67 mlrd. 996 mln. so‘m. mablag‘ ajratilishi belgilandi. 2018 yilda ajratiladigan mablag‘lar ham 201 7 yilda davlat dasturi asosidan ajratilgan mablag‘larga nisbatan 1 trln. 8 mlrd.ga ko‘proqligini ko‘rish mumkin.

2018 yilda qurilish-ta'mirlash ishlari olib boriladigan 367 ta maktabgacha ta'lim muassasalarining jami quvvati 43 ming 805 o‘rinni tashkil etib, shundan 7 ming 775 tasi - yangi tashkil etiladigan o‘rin; 31 ming 260 tasi - rekonstruksiya qilinadigan o‘rinlar, 4 ming 770 tasi joriy ta'mirlanadigan o‘rinlarni tashkil etadi.

Natijada 7 775 nafar 3-7 yoshli bolalar maktabgacha ta'lim muassasalariga qamrab olinadi hamda 36 ming 30 nafar 3-7 yoshli bolalar zamonaviy ta'lablarga javob beradigan muassasalarda ta'lim-tarbiya olishadi. Ushbu maktabgacha ta'lim muassasalarini qurish-ta'mirlash ishlari orqali maktabgacha yoshdagi bolalarni davlat maktabgacha ta'lim muassasalariga qamrab olish 33 foizdan 34,6 foizga ortadi.

Homiylik mablag‘lari hisobidan Nukus shahridagi 48-sonli, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 324-sonli maktabgacha ta'lim muassasalarini va Yakkasaroy tumanidagi maxsus maktabgacha ta'lim muassasasini beg‘araz rekonstruksiya qilish hamda Nukus shahrida maxsus maktabgacha ta'lim muasasasini qurish, shuningdek, ushbu 4 ta obyektda qurilish-ta'mirlash ishlarini amalga oshiradigan pudratchi tashkilotlarga ko‘rsatayotgan xizmatlari uchun to‘lovni amalga oshirishda qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod qilish belgilandi.

Qurilish-ta'mirlash ishlari olib boriladigan maktabgacha ta'lim muassasalarida ishlarni sifatli amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan qurilish montaj ishlarini sifatli ta'minlash va shahar qurilish me'yorlari va talablariga qat'iy rioya qilish uchun tizimli nazorat o‘rnatishi ko‘rsatib o‘tildi.


Oxirgi o‘zgarish: 03/07/2018 12:44;   Ko‘rilganligi: 2709
 
Material manzili: https://samudo.uz/press/news/2018-yilda-ozbekistonning-367-mtmda-qurish-rekonstruktsiya-va-mukammal-tamirlashga-doir-ishlar-amalga-oshiriladi
Chop etilgan vaqti: 25/03/2023 08:40
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing