2018 yilning 1 mayidan boshlab litsenziya amal qilish muddatini uzaytirish uchun yangi ijara shartnomasini tuzish qat'iyan man etiladigan bo‘ldi, 24.04.2018
23 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Ta'lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksining rahbari Qahramon Akmalov boshchiligida navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Maktabgacha ta'lim vaziri A.Shin, Halq ta'lim vaziri U.Inoyatov, Iqtisodiyot vazir B.Xodjayev va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etishdi.
Ishtirokchilar tomonidan davlat ta'lim muassasalari hududida shartnoma asosida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarining faoliyatini tartibga solish borasidagi masala muhokama etildi.
Maktabgacha ta'lim vazirligining davlat ta'lim muassasalarining foydalanilmay turgan bo‘sh maydonlari nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarini tashkil qilish uchun tadbirkorlik subyektlariga ijaraga berilganligi to‘g‘risidagi axboroti tinglandi.
Muhokamalar asnosida, 2018 yilning 1 mayidan boshlab ehtiyoji yuqori bo‘lgan davlat ta'lim muassasalari hududida ijara shartnomasi asosida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari bilan litsenziya amal qilish muddatini uzaytirish uchun yangi ijara shartnomasini tuzish qat'iyan man etilishi belgilandi.
Bugunga qadar davlat ta'lim muassasalari hududida ijara shartnomasi asosida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari litsenziyasining amal qilish muddati doirasida ijara shartnomasi asosida o‘z faoliyatini davom ettirishi mumkinligi hamda litsenziyasining amal qilish muddati tugashidan ikki oy avval davlat ta'lim muassasa rahbari nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi rahbari nomiga bildirgi yuborishi lozimligi alohida belgilandi.
Shuningdek, litsenziyasining amal qilish muddati tugagandan so‘ng davlat ta'lim muassasalari hududida faoliyatini davom ettirayotgan nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari yoki boshqa tadbirkorlik subyektlari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda javobgarlik tortilishi ham ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilish so‘ngida mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilash maqsadida qamrovi kam bo‘lgan yoki faoliyat yuritmayotgan davlat ta'lim muassasalari hududida shartnoma asosida faoliyat yuritayotgan nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalariga kelgusida o‘z faoliyatini davlat xususiy sherikchilik asosidaga ta'lim muassasalariga aylantirish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Kiritilgan vaqti: 30/04/2018 12:01; Ko‘rilganligi: 2017
Chop etilgan vaqti: 25/03/2023 08:45