Samarqand viloyati
Maktabgacha ta'lim boshqarmasi
w w w . s a m u d o . u z

2019 yil 13 mart kuni Samarqand viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi boshlig‘i N.Sadinova hamda Paxtachi tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi mudiri D.Sattorov bilan Paxtachi tumanidagi 5-sonli davlat maktabgacha ta'lim muassasasi faoliyati o‘rganildi.

O‘rganish  natijasiga ko‘ra, muassasa omborxonasida 12 kun davomida pishirilib, bolalarga berilishi lozim bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari saqlanayotganligi aniqlandi.

Xo‘jalik ishlari mudirasi Mohigul Saparova tomonidan omborxona daftari umuman yuritilmagan. Tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan taomnoma daftarlari tumandagi barcha maktabgacha ta'lim muassasalariga tarqatilgan bo‘lishiga qaramasdan, ushbu muassasada hamshira Nilufar Qilicheva va mudira Unsin Norboboyevalar tomonidan joriy yilning 1-sanasidan 13-sanasiga qadar kunlik taomnomalar tuzilmagan, tasdiqlanmagan, o‘rganish sanasida esa talabga javob bermaydigan, yuzaki oddiy qog‘ozda yozilgan taomnoma asosida taomlar tayyorlangan. Natijada, 60 nafar bolalarga 12 kun davomida berilishi lozim bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari omborxonada yig‘ilib qolgan.

Shuningdek, muassasa mudirasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirining 2018 yil 15 avgustdagi 183-sonli “Davlat maktabgacha ta'lim muassasalarining ish xujjatlari to‘g‘risida”gi buyrug‘i bilan belgilab qo‘yilgan me'yoriy hujjatlar yuritilmagan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 iyuldagi 528-sonli qarori ijrosi bo‘yicha muassasa va ota-onalar o‘rtasida tuzilgan shartnomalar talabga javob bermaydi, tarbiyalanuvchilarning yo‘llanmalarini qayd etish kitobida ham jiddiy kamchiliklar mavjud. Bir necha marta berilgan ogohlantirishlarga qaramasdan, muassasa hududida obodonlashtirish ishlari umuman bajarilmagan.

Muassasa hamshirasining ish faoliyati o‘rganilganda, tez buziluvchi oziq-ovqat mahsulotlarini qayd etish daftari umuman yuritilmaganligi, salomatlik jurnallari talab darajasida emasligi aniqlandi.

Viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi va tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi rahbariyati tomonidan muassasa mudirasi Unsin Norboboyevaga berilgan ogohlantirishlar va intizomiy jazo chorasi qo‘llanilganligiga qaramasdan, u o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan yondoshib kelmoqda.

O‘rganish materiallari belgilangan tartibda ko‘rib chiqish va huquqiy baho berish uchun prokuratura idoralariga taqdim etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 iyuldagi 528-sonli qarori hamda Maktabgacha ta'lim vazirligining boshqa normativ hujjatlariga ko‘ra, muassasalarda tarbiyalanuvchilarni belgilangan sanitariya qoidalari, me'yorlari va gigiyena normalariga muvofiq  holda sog‘lom va xavfsiz ovqatlantirishni tashkil etish, maktabgacha ta'lim muassasalarini  sifatli oziq –ovqat maxsulotlarini  bilan ta'minlash, oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor taomlarni sifati va xavfsizligini nazorat qilish, tarbiyalanuvchilarni  sog‘lom ovqatlantirish bo‘yicha yuritiladigan xujjatlarni  to‘g‘ri yuritish, maktabgacha ta'lim muassasa omborxonalarida oziq-ovqat maxsulotlarini sifatli saqlash, mavsumiy zahiralardan to‘laqonli foydalanish talab qilinayotganligiga qaramasdan, mazkur muassasa xodimlarining, xususan mudira Unsin Norboboyevaning o‘z vazifasini lozim darajada bajarmayotganligiga qanday munosabat bildirish mumkin?

Albatta, muassasa xodimlariga nisbatan rahbariyat tomonidan mehnat qonunchiligida belgilangan jazo choralari ko‘rilishi tabiiy. Ammo viloyat maktabgacha ta'lim tizimidagi ayrim maktabgacha ta'lim muassasalarida uchrayotgan yuqoridagi kabi kamchiliklarni to‘liq bartaraf etish yo‘llarini ko‘rib chiqish, xodimlarning o‘z vazifalariga bo‘lgan shaxsiy ma'suliyatini oshirish maqsadida, mazkur masalani keng jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilish uchun viloyat ommaviy axborot vositalarida yoritish  maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.


Oxirgi o‘zgarish: 19/03/2019 16:13;   Ko‘rilganligi: 2167
 
Material manzili: https://samudo.uz/press/news/2019-yil-13-mart-kuni-samarqand-viloyat-maktabgacha-talim-boshqarmasi-boshligi-nsadinova-hamda-paxtachi-tumani-maktabgacha-talim-bolimi-mudiri-dsattorov-bilan-paxtachi-tumanidagi-5-sonli-davlat-maktabgacha-talim-muassasasi-faoliyati-organildi
Chop etilgan vaqti: 25/03/2023 09:42
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing