Nodavlat bog‘chalar qurish uchun yer uchastkalari tekinga beriladi — Prezident qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 apreldagi «Maktabgacha ta'lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–3651 sonli qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, maktabgacha ta'lim sohasida davlat-xususiy sherikchiligining quyidagi shakllari joriy etildi:
- nodavlat bog‘chalar binolarini qurish uchun, shu jumladan, faoliyat ko‘rsatuvchi davlat bog‘chalar hududida tekinga doimiy foydalanish uchun yer uchastkalarini taqdim qilish;
- mavjud davlat maktabgacha ta'lim muassasalarini jihozlash va rekonstruksiya qilish sharti bilan nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari obyektlari qurish uchun tekinga yer uchastkalarini berish;
- bo‘sh turgan davlat mulk obyektlarini, shu jumladan, faoliyat ko‘rsatmayotgan davlat bog‘chalarni «nol» qiymatda sotish;
- davlat bog‘chalarining foydalanilmayotgan binolari va korpuslarini tekinga uzoq muddatli foydalanishga berish.
- shafelik ko‘rinishidagi filantropik faoliyat.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi davlat rivojlantirish dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasining alohida ochiladigan hisob raqamida nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarini rivojlantirish va davlat-xususiy sherikchiligini rag‘batlantirish uchun mablag‘larni to‘plash, davlat-xususiy sherikchilik shartlarida tashkil qilingan maktabgacha ta'lim muassasalari uchun davlat byudjetidan subsidiyalar ajratish haqidagi takliflar qabul qilingan.
Maxsus hisob-raqam hisobidan imtiyozli kreditlar tijorat banklari tomonidan maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga yiliga 1 foiz stavka bilan, 15 yilga, jumladan, 3 yil imtiyozli davr bilan beriladi.
Davlat-xususiy sherikchiligi shakliga qarab xususiy sherikka quyidagi investitsiyaviy majburiyatlar yuklatiladi:
- ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalardan bo‘lgan muayyan miqdordagi tarbiyalanuvchilarga imtiyozli ota-ona pulini belgilash (mazkur hududdagi davlat maktabgacha ta'lim muassasalari uchun belgilangan miqdordan oshmagan holda);
- xususiy hamkorga biriktirilgan bog‘chalarni qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash va jihozlash bo‘yicha ishlarni amalga oshirish.
Olingan imtiyozli kredit asosida yoki davlat-xususiy sherikchilik shartlarida tadbirkorlik subyektlariga berilgan obyektlarda faoliyat ko‘rsata boshlagan nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi faoliyatini u tashkil topgandan boshlab 30 yil ichida o‘zgartirish taqiqlanadi.
Davlat-xususiy sherikchiligi bilan tashkil qilingan nodavlat bog‘chalar quyidagilardan ozod etildi:
- ikki yil muddatga belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha olib kirilayotgan jihozlar, inventarlar, o‘quv qo‘llanmalari va o‘yin maydonlari uchun bojxona to‘lovlaridan;
- faoliyatni boshlagan kundan boshlab o‘n yil muddat davomida davlat maqsadli jamg‘armalariga barcha majburiy to‘lovlar va majburiy ajratmalarni to‘lashdan.
Shuningdek, 2018 yil 15 apreldan xodimlarining o‘rtacha yillik soni 100 nafargacha bo‘lgan bog‘chalar kichik tadbirkorlik subyektlariga toifasiga kiritildi.
Oxirgi o‘zgarish: 24/04/2018 10:50; Ko‘rilganligi: 2390
Chop etilgan vaqti: 25/03/2023 10:40